HUMO kartalari bo‘yicha SMS-xabarnomalar narxi avvalgi darajada saqlab qolinadi
2026-yil 27-aprel, Toshkent, O‘zbekiston — “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (HUMO to‘lov tizimi) HUMO kartalari bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalar haqida SMS-xabarnomalar narxi avvalgi darajada saqlab qolinishini ma’lum qiladi.

Avvalroq, 13131 qisqa raqami orqali SMS-xabarnoma xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Octotelecom” MChJ 2026-yil 1-maydan boshlab HUMO kartalari bo‘yicha operatsiyalar va hisobdagi qoldiq haqida xabardor qilish xizmati narxi o‘zgarishi rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgan edi.
Shu munosabat bilan HUMO foydalanuvchilarining murojaatlari hamda mazkur xizmatning karta egalari uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, HUMO amaldagi tarif shartlarini saqlab qolish taklifi bilan “Octotelecom” MChJ manziliga rasmiy murojaat yo‘lladi.
Qo‘shimcha tahlillar va “Octotelecom” bilan olib borilgan konstruktiv muzokaralar yakunlariga ko‘ra, amaldagi tarifni saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Natijada, 1-maydan boshlab 13131 qisqa raqamidan yuboriladigan bitta SMS-xabar narxi o‘zgarmaydi va 84,2 so‘m miqdorida saqlab qolinadi.
Tarifning amaldagi darajada saqlab qolinishi tomonlarning vaziyatni har tomonlama baholashi hamda karta egalari uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk yuzaga keltirmagan holda xizmatning barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan muvozanatli yechim natijasi bo‘ldi.
HUMO foydalanuvchilar uchun SMS-xabarnoma xizmatining ahamiyatini chuqur anglaydi va ushbu xizmat ko‘rsatish shartlari bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratadi. Tariflar yoki xizmat parametrlari bo‘yicha ehtimoliy o‘zgarishlar foydalanuvchilar manfaatlarini inobatga olgan holda oldindan baholanadi, dolzarb ma’lumotlar esa HUMOning rasmiy axborot kanallari orqali o‘z vaqtida e’lon qilib boriladi.